11-mavzu. Khan Academy (Xan Akademiyasi) - xalqaro ta’lim platformasi topshiriqlari. Onlayn ta'lim olishga qiziquvchilar uchun Khan Academy (Xan akademiyasi) platformasi yaxshi tanish. U matematika, fizika, kimyo, biologiya, iqtisodiyot, ingliz tili grammatikasi, tibbiyot, astronomiya, moliya, tarix kabi fanlar bo‘yicha 10 mingdan ziyod videodarslar va 100 mingdan ortiq mavzulashtirilgan interaktiv mashqlarni jamlagan juda katta qamrovli platforma bo‘lib, har kim o‘zi istagan tilda, qulay vaqt va joyda kerakli fan bo‘yicha bilimlarni olishi mumkin. Butun dunyoda fan ishtiyoqmandlari orasida katta rezonansga sabab bo‘lgan Xan akademiyasi ma'lumotlaridan endi o‘zbek tilida ham foydalanish mumkin. O‘zbekistonlik bir guruh ko‘ngillilar platforma kontentini mahalliylashtirish – o‘zbek tiliga o‘girishga bel bog‘lashgan. Platformaning qulayliklari hamda uni mahalliylashtirish jarayoni haqida loyiha mualliflari so‘zlab berishdi. Barchasi qanday boshlangan? Xan akademiyasiga 2006 yilda amerikalik Salmon Xon tomonidan asos solingan. U boshqa shtatda istiqomat qiladigan jiyaniga matematika bo‘yicha masofadan turib saboq berish uchun darslarni video shaklida yozib, youtube tarmog‘iga joylashtirib boradi. Bu orada uning videosaboqlari boshqa foydalanuvchilar orasida ham keng tarqaladi. Shu tariqa akademiyaning ilk asosi qo‘yilgan. Xan akademiyasi onlayn tarzda mustaqil bilim olishga mo‘ljallangan platforma hisoblanadi. Unda tizimlashtirilgan video va mashqlar mavjud. Videolar 5-6 daqiqalik mikroma'ruzalardan iborat. Har bir video muayyan fan bo‘yicha bitta tushunchani tushuntirishga yo‘naltirilgan. Mazkur mavzu yuzasidan bilimlarni sinash uchun interaktiv mashqlar ham taqdim etiladi. Xan akademiyasi kontenti bugungi kunda 36ta tilga tarjima qilingan bo‘lib, undan 190dan ortiq davlatda 63 millionga yaqin odam foydalanadi. Eng ahamiyatlisi, platformadan foydalanish mutlaqo bepul. «2014 yilda ilk marotaba matematika bo‘yicha bilimlarimni yangilash maqsadida mazkur platformadan foydalanganman. Platforma ma'lumotlarini o‘zbek tiliga ham o‘girish mumkinligini bilgach, uni ko‘ngilli tarzda tarjima qila boshladim. 2018 yilgacha ba'zi tarjimonlar bilan 20 mingga yaqin so‘zni tarjima qilganmiz. 2018 yilda o‘zbekistonlik tadbirkor Botir Orifjonov shu platformani mahalliylashtirishga amaliy ko‘mak berishi haqida bildirdi» , – deydi jamoa a'zosi Sehrob Ibrohimov. Bu platforma nega kerak? – Maktablarda o‘quv yili davomida fanlar bo‘yicha mavzular belgilangan reja asosida o‘tib ketilaveradi. O‘rgangan o‘rganadi, o‘rgana olmagan qolib ketaveradi. O‘zlashtira olmaganlar uchun ortga qaytib, qayta mavzu tushuntirilmaydi. Masalan,7-sinfda biron sabab bilan o‘quvchi fizika fanining qaysidir jihatini tushunmasligi mumkin. Lekin u keyingi sinfga o‘tadi. 8-sinfda ham fizika bilan bog‘liq muammolarga duch keladi. Qiziqsa ham mustaqil tarzda tushunmay qolgan mavzularni o‘rgana olmaydi. Xan akademiyasi shunday muammolarga yechim bo‘lishi mumkin. – Respublika bo‘yicha nechta matematika o‘qituvchisi bo‘lsa, ularning barchasi deyarli bir xil vazifani bajaradi. Misol uchun, 5-a sinfiga ham 5-b sinfiga ham bir xil mavzuni tushuntirib chiqadi. Xuddi shu ishni boshqa o‘qituvchilar ham takrorlashadi. Bu vaqtdan samarasiz foydalanishdan boshqa narsa emas. Onlayn ta'lim esa bu holatga yechim bo‘la oladi. Jarayon qanday kechmoqda? «2019 yilda «Bilim onlayn» nodavlat-notijorat tashkiloti tuzildi. U Xan akademiyasi kontentining o‘zbek tiliga tarjima qilinishini tashkillashtiradi. Hozirda 54 nafar tarjimon va muharrirlardan iborat katta jamoa mehnat qilmoqda. Har bir tarjimon uyda o‘tirib belgilangan fan bo‘yicha mavzularni tarjima qilib borishi mumkin. Butun jarayon onlayn tarzda amalga oshiriladi. Har kuni bitta tarjimon o‘rtacha 400ta so‘z tarjima qilib boradi» , – deydi jamoa a'zosi Otabek Jo‘rayev. Hozirgacha umumiy kontentdan 1,300,000ta so‘z tarjima qilingan. 115ta video qayta ishlangan. Boshlang‘ich matematika fani bo‘yicha ma'lumotlar to‘liq o‘zbekchaga o‘girilgan. Tayyor materiallardan xanakademiyasi.uz manzili orqali foydalanish imkoniyati mavjud. «1,5 yil ichida butun kontentni tarjima qilishni rejalashtirganmiz. Chunki o‘zbek tilida yaratilishi kerak bo‘lgan boshqa resurslar ham talaygina. Boshqa platformalarni ham o‘zbek tilida tayyorlashni maqsad qilganmiz» , – deydi Elbek Bahromov. Siz ham o‘z hissangizni qo‘shishingiz mumkin O‘zbek tilida foydali bilimlar kontentining yaratilishiga siz ham o‘z hissangizni qo‘shishingiz mumkin.