1-MAVZU. SANOAT KORXONALARIDA ISHLAB CHIQARISHNI TASHKIL ETISH FANINING OB’EKTI, PREDMETI VA USLUBI Reja: 1. Fanning ob’ekti, predmeti va uni o‘urganish uslubiyati. 2. Fanning mazmuni va boshqa fanlar bilan o‘zaro bog‘liqligi. 3. Fanning vazifalari. Adabiyotlar: 1. “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni // Xalq so‘zi, 2014 yil 7 may. 2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida” 2017 yil 7 fevraldagi PF-4947-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”. 3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “ To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017 yil 14 dekabrdagi PF-5285-sonli Farmoni. 4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 28 noyabridagi PQ3408-sonli “Paxtachilik tarmog‘ini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori. 5. Mirziyoev SH.M. Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz. Toshkent, «O‘zbekiston», 2017 yil, 488 bet. 6. Mirziyoev SH.M. Erkin va farovon, demokratik O‘zbekiston davlatini birgalikda barpo etamiz. Toshkent, «O‘zbekiston», 2016 yil, 56 bet. 7. Mirziyoev SH.M. Qonun ustvorligi va inson manfaatlarini ta’minlash-yurt tarqqiyoti va xalq farovonligining garovi. Toshkent, «O‘zbekiston», 2017 yil, 48 bet. 8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasi // Xalq so‘zi. 2017 yil 23 dekabr. 9. Susan J. Penner. Economics and Financial Management: Second Edition, 2013. 10. Zikriyoev E.Z. Paxtaga dastlabki ishlov berish. –T.: Mehnat, 2002. -248 b. – 248 b. 11. Abdukarimov B.X. va boshqalar. Korxona iqtisodiyoti. Darslik. – T.: Fan va texnologiya, 2013. 12. Isaev R.A. va boshqalar. Ishlab chiqarishni tashkil etish va biznes-reja. 2 qism. –T.: Tafakkur, 2011. – 198 b. 1.Fanning ob’ekti, predmeti va o‘rganish uslubiyoti Har qanday ilmiy kurs (fan) o‘zining o‘rganish ob’ektiga ega bo‘ladi. SHunday ob’ektning mavjudligi – u yoki bu fanning tug‘ilishi, shakllanishi va rivojlanishining zamini va muhim shartidir. SHu sababli o‘rganilayotgan fanning o‘rganish ob’ekti bilan tanishish uning predmetini aniqlashdan avval amalga oshiriladi. Ma’lumki, fanning ob’ekti uning predmeti qaerda amalga oshishini ko‘rsatadi. Shu boisdan, ishlab chiqarishni tashkil etish va biznes-rejalashtirish fanining o‘rganish ob’ekti bozor iqtisodiyoti sharoitida faoliyat yuritayotgan mulkidan qat’iy nazar barcha iqtisodiyot sub’ektlari hisoblanadi, ushbu holatda esa fanning o‘rganish ob’ekti – bu paxta tozalash sanoati korxonalaridir. Korxona faoliyatini ilmiy asosda oqilona tashkil etish va rejalashtirish uchun, ayniqsa bozor iqtisodiyoti sharoitida faoliyat yuritish uchun umumiy iqtisodiy qonunlarni chuqur bilish, barcha qonun va qoidalaridan unumli foydalanish, ishlab chiqarishni tashkil etish va biznes-rejalashtirishning zamonaviy usullaridan keng foydalanish zarur. Iqtisodiy jarayonlar va hodisalar umuman mikro (korxona, xonadon) va makro (xalq xo‘jaligi, milliy iqtisodiyot) darajalarda qarab chiqiladi. Iqtisodiy munosabatlar o‘z holicha emas, balki kishilarning manfaatlariga tadbiqan tahlil etiladi, kishilarning iqtisodiy sa’y-harakatlarining asl sabablari ochib beriladi. Iqtisodiyotni o‘rganishda ilmiy tushunchalar shakllangan va ular yordamida iqtisodiy hodisalarning mazmuni ochib beriladi. Bunday bilimlarni bizga iqtisodiy bilimlarning asosiysi – iqtisodiy nazariya fani o‘rgatadi. Ushbu fan jamiyat miqyosida yuz beradigan iqtisodiy hodisalar va voqealiklar, jarayonlar, ularga xos bo‘lgan bog‘lanishlar, ularning qonun-qoidalari va kishilar faoliyatida namoyon bo‘lish shakllarini o‘rganuvchi fandir. Lekin, iqtisodiy nazariya ijtimoiy ishlab chiqarishning ayrim sohalari, tarmoqlari va korxonalarida ro‘y beradigan hodisa, voqelik va qonuniyatlarini o‘rganmaydi. Bu bilan tarmoqlar va korxonalar iqtisodiyoti fanlari shug‘ullanadi. Shuning uchun paxta tozalash sanoati korxonalarida ishlab chiqarishni tashkil etish fani ushbu tarmoq korxonalari xo‘jalik yuritish faoliyati va texnologik jarayonlar xususiyatlarini hisobga olgan ular ishlab chiqarishini tashkil etish va faoliyatini rejalashtirishning mazmuni, mohiyati va tamoyillarini o‘rganishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi. Har qanday fan o‘z predmetiga ega bo‘ladi. Predmet - bu fan nima bilan shug‘ullanishi, uning qaysi sohaga tegishli ekanligini belgilaydi. Ishlab chiqarishni tashkil etish va biznes-rejalashtirish fanining ham o‘z predmeti mavjud. «Sanoat korxonalarida ishlab chikarishni tashkil etish» fanining predmeti deganda korxonalarning ishlab chiqarish-xo‘jalik faoliyati sharoitida iqtisodiy qonunlarning harakati va namoyon bo‘lish shakllari va eng kam mehnat, moddiy va ma’naviy xarajatlar bilan eng yaxshi natijalarga erishishni ta’minlovchi yuqori samarali ish usullarini ishlab chiqish tushuniladi. Paxta tozalash sanoati korxonalarda ishni tashkil etish fani iqtisodiy qonunlarning ushbu tarmoq korxonalari faoliyatiga ta’sirini va ularning oldiga qo‘ygan vazifalarini amalga oshirish borasidagi eng samarali usullarini ishlab chiqib, uni sanoatga tadbiq qilmoqda. Bu chora-tadbirlarning amalga oshirilishi kengaytirilgan takror ishlab chiqarishda ijtimoiy boylikni ko‘paytirish va korxonalarda ishchilarga yaxshi sharoitlar yaratib berishga imkoniyat yaratadi. Fanning usuli deganda tom ma’noda o‘zining predmetini o‘rganish vositasi tushuniladi. Fannning eng asosiy bilish uslubi – dialektik uslub bo‘lib, u fanga o‘rganilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy hodisalarning mohiyatini ochib berishga yordam beradi. Bu nazariyaga binoan hodisalar va voqeliklar o‘zaro aloqadorlikda, birbirni taqozo etish, makon va zamonda ularning o‘zgarishi va rivojlanishida zskilik bilan yangilik kurashida ko‘rib chiqiladi. Dialektika usuli muammolar o‘rganilayotganda omillar va shartsharoitlarning namoyon bo‘lishi va yuz berishi ziddiyatlariga, qaramaqarshiliklarga boy ekanligini inobatga olishni taqozo etadi. Bozor iqtisodiyotida iqtisodiy hodisa va jaryonlar tez o‘zgaruvchan qiyofa kasb etadiki, har bir ishlab chiqarish sub’ekti ushbu o‘zgarishlarga moslanuvchan bo‘lmog‘i talab etiladi. ¤zgarishlarga moslashishda ishlab chiqarishni oqilona tashkil etish va biznes-rejani to‘g‘ri tuzish lozim bo‘ladi. Bu borada dialektika usullaridan foydalanish shuni anglatadiki, korxona xo‘jalik faoliyatini o‘rganish asosida uning ishini tashkil etish va faoliyatini rejalashtirish barcha o‘zaro aloqalarni hisobga olgan holda olib borilishi lozim. Ishlab chiqarishini tashkil etish va biznes-rejalashtirishda sababiy aloqalarni o‘rganish induksiya va deduksiya usullari yordamida amalga oshiriladi. Sababiy aloqalarni tadqiq etishda mantiqiy induksiya usulini qo‘llashda tadqiqot xususiydan umumiylikka, xususiy omillarni o‘rganishdan umumiylik sari, sababdan natija sari olib boriladi. Deduksiya – bu shunday tadqiqot olib borish usuliki, bunda tadqiqot jarayoni umumiy omillardan xususiylari, natijadan sabab sari olib boriladi. Ushbu ikkala usul ishlab chiqarishini tashkil etish va biznes-rejalashtirish jarayonida birgalikda olib boriladi. Ishlab chiqarishini tashkil etish va biznes-rejalashtirishda dialektika usullaridan foydalanish shuni anglatadiki, har bir jarayon, har bir iqtisodiy hodisani tizimli ko‘rinishda, ko‘plab elementlar yig‘indisi va o‘zaro aloqadorligi shaklida qarash lozim bo‘ladi. Shunday qilib, ishlab chiqarishini tashkil etish usuli – bu korxona samarali faoliyat yuritishini ta’minlash maqsadida chegaralangan resurslar doirasida ishlab chiqarishni oqilona samarali tashkil etish va uning faoliyatini maxsus usullar yordamida rejalashtirishdir. Ishlab chiqarishini tashkil etish va biznes-rejalashtirish usuli bir qator analitik tadqiqotlar uslubiyotiga asosan namoyon bo‘ladi. Uslubiyot deganda tadqiqot yoki bilish, anglash yo‘li, voqelikni amaliy va nazariy o‘zlashtirish usullarining majmuasi tushuniladi. Ishlab chiqarishini tashkil etish va biznesrejalashtirishda uslubiyot o‘zida oldiga qo‘yilgan maqsadga erishishda ishlab chiqarishini tashkil etish va biznes-rejalashtirishda qo‘llaniladigan usul va qoidalar majmuasini mujassam etadi. Tahlilning har qanday uslubiyoti analitik tadqiqotlarni bajarish uchun ko‘rsatma yoki uslubiy maslahatlar berishni nazarda tutadi. U o‘zida quyidagilarni mujassam etadi: ishlab chiqarishini tashkil etish va biznes-rejalashtirish vazifasi va maqsadini shakllantirish; ishlab chiqarishini tashkil etish va biznes-rejalashtirish ob’ektini; biznes-rejalashtirishda foydalaniladigan ko‘rsatkichlar tizimi; analitik tadqiqot olib borish tartibi va davriyligi bo‘yicha maslahatlarni; o‘rganilayotgan ob’ektlarni tadqiq etish usullari va uslublari tavsifini; ishlab chiqarishini tashkil etish va biznes-rejalashtirish muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun zarur bo‘ladigan ma’lumot manbalarini; ishlab chiqarishini tashkil etish va biznes-rejalashtirishni tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalarni (tadqiqot alohida qismlarini qaysi bo‘limlar va kim olib borishini); ma’lumotlarni analitik qayta ishlashda foydalaniladigan texnik vosita turlarini; ishlab chiqarishini tashkil etish va biznes-rejalashtirish natijalarini rasmiylashtirish hujjatlarini; biznes-rejadan foydalanuvchilarini. Ishlab chiqarishini tashkil etishda har xil uslublar qo‘llaniladi. Ular o‘rtasidan an’anaviy mantiqiy uslublarni ajratib ko‘rsatish mumkin. ¤rganishning mantiqiy usuli quyidagi yondashishlarda o‘z aksini topadi: rejali xalq xo‘jaligi nuqtai nazariyadan: tarmoqlararo, tizimli, kompleks va muqobillashtirish. Ular jumlasiga taqqoslash, grafik, guruhlash, mushohadaga asoslanib iqtisodiy masalalarni evristik usul yordamida echish, ekspertlar bahosi va boshqalar kiradi. Namunaviy usul o‘z mazmuniga binoan ma’lum bilim, maslahat, tavsiyalar beradigan tajribani umumlashtirishni bildiradi. 2. Fanning mazmuni va uning boshqa fanlar bilan bog‘liqligi Ushbu fan o‘z mazmuni mohiyatiga ko‘ra juda ko‘p qirrali va u ishlab chiqarish jamoasi hayotining ko‘pgina sohalarini qamrab oladi. Mazkur fanning predmeti, ob’ekti, maqsadi, vazifalari, o‘rganish usullari moddiy boyliklarni yaratishda xo‘jalik boshqaruvi jarayonida yuzaga keladigan vazifalar tarkibi bilan belgilanadi va kursning dasturida to‘la aks ettirilgan. Bu fan bir qator fanlar bilan o‘zaro aloqada bo‘lib, ularning yutuqlaridan keng foydalanadi. Jumladan, falsafa, iqtisodiyot nazariyasi, korxona iqtisodiyoti, makroiqtisodiyot, miqroiktisodiyot, statistika, menejment, marketing, buxgalteriya hisobi va xo‘jalik faoliyatini tashkil etish, moliya va kredit, texnologiya fanlari bilan uzviy bog‘langandir. Ushbu fan, eng avvalo, iqtisodiyot nazariyasi va tarmoq iqtisodiyoti fanlari rivojlanishi natijasida shakllangan. Bu fan texnik fanlar bilan ham o‘zaro bog‘likdir. Ishlab chiqarishni tashkil etish fani texnika va texnologiyani bevosita o‘rganmasada, uning iqtisodiyotiga ta’sirini chetlab o‘tolmaydi, aksincha, texnologik jarayonlarni xom-ashyo, materiallar bilan ta’minlash, energiyadan oqilona foydalanish, mahsulot ishlab chiqarish davrini qisqartirish, ish jarayonini uzluksiz ishlab chiqarish oqimida tashkil etish, mahsulot sifatini oshirishga erishish orqali muxandislik iqtisodiy nuqtai nazaridan ko‘rib chiqadi. Mexaniga sikliga tegishli fanlar mashina va agregatlarni konstruksiyalash va texnikaviy ekspluatatsiya qilish masalalarini o‘rganadi. Ishlab chikarishni tashkil etish fani mexnat qurollarini texnologik va mehnat jarayonlari bilan o‘zaro bog‘liqlikda ko‘rib chiqadi, mashina va uskunalarni joy-joyiga to‘g‘ri qo‘yish va ulardan oqilona foydalanish, jihozlar birligidan mahsulot olishni ko‘paytirish, sozlash tizimini yaxshi tashkil etishni ta’minlaydi. SHunday qilib, bu fan juda ko‘plab ilmiy fanlar bilan uzviy aloqadordir. Lekin ular bilan tutashib ketmaydi va mustaqil soha masalalarini o‘rganadi. 3. Fanning vazifalari Har qanday fanning o‘z vazifasi bo‘lganidek, ushbu fanning ham maqsad va vazifalari mavjud. O‘zbekiston Respublikasi Qomusi va qabul qilingan Qonunlar va hukumat qarorlari asosida kursning vazifalari quyidagilardan iborat: paxta tozalash sanoati korxonalarida jonli va buyumlashgan mehnat tuzilishini yaxlit va yagona hamda ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarini shakllantirishning asosi deb qarash; paxta tozalash sanoati korxonalarida ishlab chiqarish tizimining o‘zgarish shakllari va yo‘llari, ishlab chiqarish faoliyatining maqsad va vazifalari, ularni amalga oshirish yo‘llari va baholash mezonlarini o‘rganish; ishlab chiqarish jarayonlarining mohiyati, ahamiyati, mazmunini, asosiy va yordamchi ishlab chiqarish, paxta tozalash korxonalarining infratuzilmasini, mehnat va unga haq to‘lashning nazariy va amaliy masalalarini o‘rganish; iqtisodiy islohotlarini amalga oshirish sharoitida korxonalarda boshqarishni, ayniqsa iqtisodiy boshqarishni rejalashtirish, baholash, moliyalash, kreditlash muammolarini echishni o‘rganish. O‘z-o‘zini tekshirish va nazorat qilish uchun savollar: 1. Fanning o‘rganish ob’ektini ayting? 2. Fanning predmeti deb nimani tushunasiz? 3. Bu fanning boshqa fanlar bilan bog‘liqligini tushuntirib bering? 4. Fanni o‘rganish usullarini ayting? 5. Dialektika usulining mohiyati nimadan iborat? 6. Deduksiya usulini tushuntirib bering? 7. Induksiya usulini tushuntirib bering? 8. Mantiqiy usullarga qanday usullar kiradi? 9. Fanning maqsadi nimalardan iborat? 10.Fanning asosiy vazifalarini sanab o‘ting?