1.1. Kompyutеr grafikasi paketlarining asosiy tushunchalari Bu mavzuda kompyuter grafikasining texnik jihatlari, ya’ni zamonaviy texnologiyalarda aniqroq mo‘ljalni olishga va oldimizga qo‘yilgan masalani yechimini topish uchun to‘g‘ri usulni tanlashga, hamda mustaqil ravishda yangi programmalarni o‘zlashtirishga yordam beruvchi bilimlar yoritiladi. Shuningdek, ranglarning joylashish holatlari, tasvirlarni saqlash, fayllar formatlari va ular orasidagi farqlar keltirilgan bo‘lib, ular ixtiyoriy grafik ma’lumotlarga ishlov berish jarayonini yengillashtirishga va tezlashtirishga imkon beradi. Kompyutеr grafikasi paketi Kompyutеr grafikasi paketi - grafika bilan ishlovchi dasturlar to‘plamidir. Grafik paketga qoida tariqasida asosiy dasturdan tashqari paketning integratsiyasini ta’minlovchi va boshqa dasturlar bilan o‘zaro aloqani ta‘minlaydigan bir qator yordamchi dasturlar kiradi. Masalan: Corel Graphics Suite tijorat paketiga Corel Draw vektor grafik muharriri, Corel Photo Paint rastr grafik muharriri, Corel Tracrastrli tasvirlarni vektorga aylantirish dasturi va Corel Capture kabi bir qator qo‘shimcha yordamchi dasturlar kiradi. Vektorli tasvirlar Vektorli tasvirlar deb — tuzilishi jihatidan murakkabroq va har xil ko‘rinishga ega bo‘lgan geometrik ob’ektlar to‘plamiga aytiladi. Bunday ob’ektlarga misol tariqasida to‘g‘ri to‘rtburchaklar, aylanalar, ellipslar, ko‘p burchaklar, kesmalar va chiziqlarni keltirish mumkin. Vektorli grafikanining xarakterli xususiyatlaridan biri undagi har bir ob’ekt uchun ularning tashqi ko‘rinishlarini o‘zgartirish imkonini beradigan boshqarish parametrlari mavjudligi. Nuqtali tasvirlardan farqli ravishda vektorli tasvirlar ixtiyoriy ichki strukturaga ega bo‘lishi mumkin. Chiziq (line) U qalin yoki ingichka, to‘lqinli yoki zigzag bo‘lishi mumkin(1.1-rasm). 1.1-rasm. Chiziqlar Chiziq ko‘pincha dizaynda: chizmalar yoki rasmlarda, to‘qimalar, modellar kabi grafik elementlarda mavjud bo’ladi. Matn kompozitsiyasida ham chiziqlar juda keng tarqalgan bo‘lib, ular tarkibni ajratib ko‘rsatish, ajratish yoki tartibga solish maqsadida ishlatilishi mumkin. Shakllar (Figure) Shakl - bu doira, kvadrat, uchburchak va shunga o‘xshash narsalarni o‘z ichiga olgan chegaralari bo‘lgan har qanday ikki o‘lchovli maydon(1.2-rasm). 1.2-rasm. Shakl Shakllar ikkita asosiy toifaga bo‘linadi - geometrik (yoki "oddiy") va organik (yoki "shaklsiz")(1.3-rasm). 1.3-rasm. Shakllar to’plami(a-geometrik, b-organik) Tenglik (Balance) Balans - vizual ob’ektlarning teng taqsimlanishidir. Boshqacha qilib aytganda vir nechta ob’ektlardan qaysi biri tomoshabinning ko‘zini qanchalik o‘ziga jalb qila olishi. Ko‘pgina omillar muvozanatga ta’sir qilishi mumkin. Masalan: rang, hajm, ob’ektlar orasidagi bo‘shliqlar. Muvozanatni grafikada ta’minlash yangi boshlovchilar uchun qiyin bo‘lishi mumkin, chunki u biroz sezgi va kreativlik talab qiladi. Dizayndagi turli xil printsiplar orasidagi farqni tushunishga yordam beradigan bir nechta misollar mavjud: Simmetrik dizayn - vertikal o‘qning har ikki tomonida teng ravishda joylashtirilgan dizayn. Bu muvozanatli ko'rinadi, chunki har bir tomon bir xil bo‘ladi Assimetrik dizayn - bu muvozanat kompozitsiyaning har ikki tomonidagi teng bo‘lmagan vizual og‘irlikdan kelib chiqadi. Tarkibning bir tomonida dominant element bo‘lishi mumkin, u boshqa tomondan bir juft yoki kichikroq fokus nuqtalari bilan muvozanatlashishi mumkin. Muvozanatda "uchlik qoidasi" yoki "oltin nisbat" deb ataladigan uslub ham mashhur. Ushbu tasvirning tarkibi 3 dan 3 gacha bo‘lgan panjaraga bo‘linadi va tasvirning muvofiqlashtiruvchi nuqtalari ushbu chiziqlardan birining yaqinida yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri uning ustiga joylashtirilib, qolgan bo‘shliq bilan vizual muvozanat hosil qiladi. Rang modellari Rang modeli – nashriyot ishida yoki monitorlarning rang kanallarida cheklangan sondagi mumkin bo‘lgan bo‘yoqlar yordamida ranglarni tasvirlash tizimidir. Turli xil rang modellarida ranglar turlicha formulalar yordamida ifodalanadi. Rang modellarini hech qachon ranglar majmuasi – palitra bilan adashtirmaslik kerak. Palitralar rang modeli komponentalarining aralshtirilishi natijasida hosil bo‘ladi. Rang modelini tasvirni kodlashtirish usuli bilan aniqlanadigan fayl formati bilan ham adashtirmaslik kerak. Masalan, fayl proba1.gif quyidagi parametrlarga ega bo‘lishi mumkin: rangli model – RGB, palitra – Web safe, tasvir turi – rastr, fayl formati – GIF. Rang modeli tasvirni chop etish yoki tasvirni monitorda namoyish qilinishiga qarab asosiy ranglarni ayirish yoki qo‘shish yordamida har xil ranglarni hosil qilishni ko‘zda tutadi. Chegirmali rang modellari rangli bosma nashrlar uchun mo‘ljallangan. Ular sirtdan akslanuvchi ranglarga asoslangan va shuning uchun bunday modellarda ikkita rangning qorishuvi alohida olingan rangga nisbatan quyuqroq bo‘ladi. Bu kabi modellarning texnik tadbiqida yorqin bo‘yoqlarda bosiladigan bir nechta rangdan foydalaniladi. Qog‘ozga birin-ketin ranglar sepiladi, ularning kombinatsiyasi har xil ranglar to‘plamini va sifatli rangli tasvirni beradi. Yorqin bo‘lmagan siyohlarda bosib chiqarishda barcha foydalaniladigan bo‘yoqlar zarur bo‘ladi va u ancha noqulay, hamda bosma natijasida sifati ancha past bo‘ladi. To‘g‘ri, bu usul ma’lum bir rangni aniq tanlashga imkon beradi, (masalan, logotipning aniq tusini namoyish qilish talab kilinganda) hamda agar ranglar to‘plami chegaralangan bo‘lsa, xomashyoni tejaydi, - masalan: faqat qora va qizil ishlatiladi. Ranglar qo‘shilmasi asosidagi rang modellari (additiv modellar) monitor ekranida tasvir namoyishi uchun va turli xil ko‘rinishdagi dasturiy mahsulotlar uchun keng qo‘llaniladi. Additiv modellar chegirma (subtraktiv) modellardan farqli ravishda nur tarqatuvchi ranglar orqali ifodalanadi va ularda nurlar qo‘shilmasining natijasi, alohida qaralganligidan yorqinroq bo‘ladi. Agar web-saytlar yoki prezentatsiya turidagi mahsulot ishlab chiqarishga ehtiyoj paydo bo‘lganda ana shunday rang modellaridan foydalanishga to‘g‘ri keladi. CMYK rang modeli Bu model nashriyot ishida foydalaniladigan keng tarqalgan rang modellaridan hisoblanadi. Bu modelning nomi ko‘p qatlamli bosma uchun ishlatiladigan 4 ta yorqin bo‘yoq ranglaridan kelib chiqqan. Siyoh yorqinligi sababli, ularni bitta joyga purkash natijasida millionlab tuslarni hosil qilish mumkin. Ayrim printerlar aynan shu CMYK modeliga moslashgan. CMY rang modeli Bu model mutaxassislar tomonidan kam ishlatiladi. Bu model asosida ba’zi bir printerlar tuslarni namoyishi uchun atigi 3 ta rangdan foydalanadi. Qora rangni hosil qilish uchun bu uchala rang ustma ust chop etiladi. RGB rang modeli Bu keng tarqalgan rang modeli bo‘lib, monitor ekranida tasvirni qayta tiklash uchun mo‘ljallangan. Bu modelda 3 ta nur ranglaridan foydalaniladi: qizil, yashil, ko‘k. Har bir nurning intensivligi 0 dan 255 gacha bo‘lgan qiymatlarni qabul qilishi mumkin. Rangli kanalning intensivligi qanchalik kam bo‘lsa, rang shunchalik to‘q, ko‘p bo‘lsa, shunchalik och rang hosil bo‘ladi. Uchala rangning intensivligi 0 bo‘lsa, qora rangni va aksincha barcha rangli kanallar 255 qiymatini qabul qilsa, oq rang hosil qilinadi. Bu modelning asosiy kamchiligi, tasvir xususiyatini kerak bo‘lgan sifatli poligrafiya uchun saqlash imkoniyati yo‘qligi bilan izohlanadi. HSB, HSV, HLS modellari Bu modellarning asosida inson ko‘zi qabul qiladigan ranglarning nusxasini olishdagi harakat yotadi. HSB modeli har bir rangning tusi, to‘yinganligi va yorqinligi bilan aniqlanadi. Ayrim hollarda u HSV va HLS deb nomlanadi. Bu modellarning ranglar to‘plamidan foydalanish qulay, lekin ko‘pgina dizaynerlar RGB modeli imkoniyatlari ular talabini qondirganligi uchun bu modellardan ko‘p hollarda foydalanishmaydi. YIO modeli Bu model mohiyati bo‘yicha taniqli NTSI Amerika televizion standartining kompyuter variantidir. Rang faqatgina yorqinligi va 2 ta xromatik komponentlari orqali ifodalanadi. Bu rangli televidinie uchun qulay, lekin juda kerakli paytdagina bu modeldan kompyuter yoki chop etish uchun foydalanish mumkin. LAB modeli Bu model CMYK, RGB va NSB modellarining ijobiy hususiyatlari mujassamlashgan yangi model hisoblanadi. LAB modeli ranglarni a’lo darajada tasvirlanishini ekranda namoyishi hamda 4 xil rangli tiniq bo‘yoqlar orkali chop etish uchun mosdir. Bu model o‘zgacha hususiyatlarga ega bo‘lgani bilan dizaynerlar eski odatlarini tashlamaganlari uchun bu modeldan kam foydalanishadi. Bu model nazariy jihatdan apparatga bog‘liq bo‘lmagan, ya’ni monitorga bog‘liq bo‘lmagan holda tasvir sifatli bo‘lishini ta’minlaydi. Model rang yorqinligi, yashil va qizil, ko‘k va sariq ranglar intensivliklarining o‘zaro nisbati xaqidagi ma’lumotlarni saqlaydi. Kul rang tuslari (Grayscale) Tasvirlarni oq-qora chop etish qiymati rangli chop etishga nisbatan arzonroq bo‘ladi, chunki bu yerda rang taqsimlanish zarurati yo‘qoladi va chop etish uchun 1ta klishe yetarli bo‘ladi. Bunda fayl o‘lchami kichiklashadi. Bu modelda odatda kul rang tonining 256 gradatsiyasi va 1 ta rangli kanal ishlatiladi (qora rang). Palitralar Grafik tasvirlar uchun foydalaniladigan biror bir rang modeli asosida tashkil qilingan ranglar to‘plami palitra deyiladi. Palitrada rang qancha kam bo‘lsa, tasvir fayli shunchalik kichik bo‘ladi. Palitralarni mustaqil ravishda ham hosil qilish mumkin. Turli xil grafik redaktorlarda keng tarqalgan rang modellariga asoslangan tuzilgan palitralardan foydalaniladi. Web uchun palitra Brauzerlar namoyishi uchun Web palitralar ahamiyati haqida alohida to‘xtalish lozim. Bu katta bo‘lmagan palitra – hammasi bo‘lib 216 ta rang – Internet Explorerda betlarni ochilishini tezlashtirish uchun o‘rnatilgan, uni Internet tarmog‘i orqali jo‘natishga ehtiyoj yo‘q. Agar rang Web palitra bilan to‘g‘ri kelmayotgan bo‘lsa, u palitrada mavjud bo‘lgan ranglar qo‘shilmasi orqali brauzerda yaratiladi va Web sahifa yopilganda keyinchalik o‘chirib yuboriladi. Shuning uchun Internetga tasvir tayyorlayotganda ranglar buzulishi xavfini kamaytirish uchun bu palitradan foydalanish maqsadga muvofiq bo‘ladi. 1 bitli palitra Bu palitra oq-qora tasvirni beradi hamda fayl o‘lchami nuqtai nazaridan eng tejamkor. Palitra oq va qora ranglardan tashkil topadi. Yuqori darajali chop etish uchun ham mos keladi, lekin tasvir sifati ancha pasayishi mumkin. Kul rangning 256 tuslari Kul rangning 256 nozik turlaridan iborat palitra. Bu hol uchun TIFF fayl formatini qo‘llash tavsiya etiladi. Internetda kul rangning nozik turlari uncha qo‘llanilmaydi. GIF formatidagi tasvir kam uchraydi. PANTON sistemasining palitralari Bu palitralar zamonaviy grafik redaktorlarda qo‘llaniladi va ular tematik asosida jamlangan palitralarni o‘z ichiga oladi. Misol uchun, metall ranglar palitrasi, fasl ranglari palitrasi, suv va dengiz ranglari palitrasi va hokazolar. Mavzu bo‘yicha savollar 1. Kompyutеr grafikasi paketlari deganda nima tushuniladi? 2.Hozirgi kunda qaysi rang modellari keng ishlatiladi? 3.Vektorli tasvirlarga ta’rif bering. 4.Grafikada chiziqning qanday turlari ishlatiladi? 5.Rang palitralari nima?