Uploaded by javkhanov vlogs

O’zbekistondagi ekologik muammolar va uni hal qilish yo’llari

advertisement
O’zbekistondagi ekologik muammolar va uni hal qilish yo’llari (Mustaqillik
davri)
Z. Annayeva. Tadqiqotchi. (Terdu)
Kalit so’zlar: Ekologiya , tabiat, inson, muammo, sanoat, chiqindi, atmosfera,
salomatlik, muhofaza, mintaqa.
Annotatsiya
Maqolada O’zbekistonda bugungi kundagi ekologik vaziyat va uning yechimi bilan
bog’liq jarayonlar va bu borada amalga oshirilayotgan tadbirlar haqida ma’lumot
berilgan.
Kirish
Bugungi kunda fan-texnika jadal sur’atlarda rivojlanib, inson va tabiat o’rtasidagi
tabiiy muvozanat buzilayotganligi, tabiatga nisbatan jamiyat
a’zolarida g’amxo’rlik sust ahvolga kelib qolganligi oqibatida atrof-muhitga katta
ziyon yetmoqda. Ona tabiatga istiqbolni ko’zlab munosabatda bo’lish, kelajak
avlodga uni go’zal va tabiiyligicha qoldirish bugungi kunning muhim vazifasi
bo’lib turibdi. Chunki tabiatga nisbatan inson qanchalik berahmlik bilan
munosabatda bo’lsa, tabiat ham insonga nisbatan aynan ana shunday javob
qaytaradi. Har bir inson ongida ekologik madaniyat qay darajada shakllansa,
jamiyat ham shu darajada taraqqiy etadi.
Mustaqil O’zbekiston yirik sanoat va agrar mintaqa bo’lib, kelajakda dunyoga yuz
tutgan mashina sozlik, energetika, kimyo, oziq – ovqat sanoati, transport majmuini
yanada rivojlantirish ko’zda tutulgan. Bunday ishlab chiqaruvchi kuchlarning
rivojlanishi Respublikada ijtimoiy – ekotizmlarning holatiga muayan darajada salbiy
ta`sir ko’rsatadi.[1]
Respublikada keskin bo’lib turgan ekologik va tabiatni muhofaza qilishga oid
muammolar quyidagilar:
1. Yirik hududiy – sanoat majmualari joylashgan rayonlarda ya`ni Angren-Olmaliq
Chirchiqlarda, Farg’ona-Marg’ilonda, Navoiy va boshqa rayonlardagi tabiatni
muhofaza qilish muammolari. Bu rayonlarda ijtimoiy-ekotizm holati yaxshi emas.
Chunki sanoat markazlarida chiqayotgan turli-xil gazlar va chiqindilar atrof-muhitni
ekolgik holatini buzulishiga olib kelmoqda.[2]
2. Agrosanoat majmuidagi ekologik muammolar.
3. Tabiatdagi suvlarning sanoat chiqindilari pestisedlar va mineral o’g’itlar bilan
ifloslanishi ham muammolardan biridir.
4. O’simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish va qayta tiklash muammolari,
qo`riqxonalar va milliy bog`lar tarmog`ini kengaytirish.
O’zbekiston Respublikasi tabiatni muhofaza qilish va undan oqilona foydalanish
borasidagi asosiy strategik maqsadlar quyidagilar hisoblanadi:
Aholining sihat-salomatligi uchun qulay sharoit yaratish, beosferaviy muvozanatni
saqlash; O’zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish samaradorligi va
barqarorligini ko`zlagan holda tabiiy resurslardan foydalanish qayta tiklanadigan
tabiiy resurslar ishlab chiqarish va iste`mol jarayonlarining muvoznatini saqlash
tiklanmaydigan resurslarni ishlab chiqarish, chiqindilardan oqilona foydalanish;
regional va lokal darajalarda tabiatni qayta tiklanish hususiyatini tiklash; tabiatning
daslabki turlari va ularning genofondini landshaftlarning xilma – xiligini saqlash.[3]
Meteorologiya markazi 10 ma’lumotlariga qaraganda Orol dengizining qurigan va
qariyb bir necha ming kvadrat kilometrga cho’zilgan tubidan har yili million
tonnalab ko’z ilg’amas darajadagi chang va tuz shamol bilan uchirib ketilishi
natijasida. Orol bo’yi xududlarda ekologik xavfsizlik darajasi ortib bormoqda.
Ekologik holatning salbiy o’zgarishiga hududlarning metrologik sharoitlari ham
ta’sir qiladi. Markaziy Osiyo hududida quyosh haroratining yuqori bo’lishi inson
organizmida qon aylanishini kuchaytiradi, ko’p miqdorda terlatib, ayrim kimyoviy
moddalarning teri orqali so’rilishiga, xatto me’yornomada ko’rsatilgan eng kichik
raqam ham halokatli zaharlanishga olib kelishi mumkin. Bunday sharoitlarda ruhiy
(85 foizga) va asab xastaliklari (109 foizga), nafas olish a’zolari xastaliklari (108
foizga) ko’payadi. Тarkibida nitrobirikmalar mavjud bo’lgan suv va oziq-ovqat
mahsulotlarini uzoq muddat iste’mol qilish moddalar almashinuvi, tayanch-harakat
va asab tizimlari xastaliklarini, irsiy nuqsonlarni keltirib chiqaradi. Respublikada
Chirchiq, Olmaliq, Ohangaron, Angren, Farg’ona, Marg’ilon, Navoiy va boshqa bir
qator joylarda kimyoviy, neft-kimyoviy hamda mikrobiologik tarmoqlar
korxonalarining, ko’p quvvat va suv talab qiladigan ishlab chiqarish vositalarining
ko’pligi tufayli ekologikning salbiy o’zgarishi keskinlashdi. Тojikistonning
Тursunzoda shahrida joylashgan alyuminiy zavodining salbiy oqibatlari
Surxondaryo viloyatining Sariosiyo, Denov, Sho’rchi va Oltinsoy tumanlarida
sezildi. Natijada anor va xurmoning hosildorligi va sifati pasayib ketdi, aholi
salomatligi esa, yomonlashdi.Vujudga kelgan Orol dengizi muammosi bilan bog`liq
halokatli ekologik – iqtisodiy va ijtimoiy ahvolni yaxshilash, Orol dengizini saqlab
qolish maqsadida aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta`minlash. Orol bo’yi aholisini
normal sanitar sharoitlar va ozuqa bilan ta`minlash uchun Markaziy osiyo davlatlari
bilan birgalikda qisqa vaqt ichida yagona suv xo`jaligi siyosatini ishlab chiqish
hamda har-bir Respublikaning Orol dengiziga quya oladigan suvi, ya`ni Orol
bo’yidagi barcha tabiiy ko’llarni saqlab qolish kabi ishlar rejalashtirilgan.
Atmosfera havosini muhofaza qilishning asosiy yo’nalishi shahar va aholi
yashaydigan punktlarda atmosfera havosining sifatini yaxshilash, keyinchalik
sanitar-gigienik qoidalarga rioya qilish buning uchun Respublikamizning barcha
hududlarida chiqindilarni kamaytirish, kam chiqindili texnilogiyalarni yaratish,
chang to’plovchi va tozalovchi yangi qurilmalarni yaratish va ularning ishlab
chiqarish samaradorligini oshirish eskirgan qurilmalarni yaxshilash bilan
almashtirish va boshqalar. Orol dengizinimg qurishi iqlim o’zgarishiga ham
sababchi bo’ldi. Qurg’oqchilik tufayli iqlimning keskin kontenentalligi ortib ketdi.
Dengiz va quruqlik o’rtasidagi haroratning o’zgarishi, shamol tezligining ortishi,
suvning to’lqinlanish hodisasini kuchaytirishiga olib keldi.[4]
Sut emizuvchi hayvonlar va qushlar kamayib ketdi. Qurigan maydonlar xavfli
kasalliklarni tarqatuvchi kemiruvchi bilan to’lib bormoqda. Orol bo’yining sanitarepidemiologik ahvoli nihoyatda og’irlashmoqda. Agar zudlik bilan tabiatda vujudga
kelayotgan muammolar hal qilinmasa insoniyat va butun mavjudodning hayoti xavf
ostida qoladi. Biz tabiatga qarammiz, biz tabiatsiz yashay olmaymiz, shunday ekan
biz barchamiz tabiatni asrab avaylashimiz, uning har-bir qarich yerini ko’z
qorachig`iday asrashimiz, tabiat boyliklaridan oqilona foydalanishimiz, har-bir
tomchi suvni tejab ishlatishimiz, tabiat haqida doimo g’amxo’rlik qilishimiz lozim.
Uzoq yillar davomida eski ma’muriy buyruqbozlik tizimi sharoitida Markaziy
Osiyi mintaqasidagi ekologik muammolarga e’tibor berilmadi. Tabiatni muhofaza
qilish tadbirlariga arzimas darajada kam mablag’ ajratilardi. Bu mablag’ tabiatga
yetkazilgan zararni also qoplamasdi. Sobiq ittifoq zamonida atrof-muhit va
atmosfera havosining ifloslanishi, toza ichimlik suvi yetishmasligi tashvishli hol
ekani haqida bilib, bilmaslikga olindi. Qonunlar rasmiyat uchun qabul qilinadiyu,
ammo ular hayotga joriy etilmadi. Sho’ro tuzumi davrida inson tabiatni o’z
irodasiga bo’ysundirishi lozim degan soxta aqida uzoq yillar ustuvorlik qildi.
Natijada barcha hududlarda ekologik muvozanat qo’pol ravishda buzildi. [5]
Mintaqamizda, shuningdek, O’zbekiston Respublikasida ham tashvishlanarli
ekologik vaziyatlar yuzaga keldi. O’zbekiston Respublikasiga sobiq ittifoqdan,
eski mustabid tuzumdan aytib o’tganimizdek paxta yakka hokimligi va boy
mineral xom ashyo resurslaridan nazoratsiz, ayovsiz foydalanish asosiga qurilgan
iqtisodiyot og’ir meros bo’lib qoldi. Respublikamizga xom ashyo yetishtirib
beradigan chekka o’lka sifatida qaraldi. Mamlakatimizdan katta miqdorda
yetishtirilgan paxta hosilining aksariyat hajmi tekinga tashib ketilar edi. Oltin,
qimmatbaho va rangli metallar, strategik ahamiyatga ega materiallar jahon
bozorining o’ta xaridorgir bo’lgan boshqa qimmatbaho mahsulotlarni ishlab
chiqarish va sotishdan keladigan foyda O’zbekiston xazinasiga tushmas edi.
Hududimizda yuz bera boshlagan ekologik inqiroz nihoyatda keskinlashib ketib,
ijtimoiy tus ola boshladi. Ekologik tanazzuldan esa keng jamoatchilik tashvishga
tushishi tabiiy hol,albatta. Odamlar qanday xavf qarshisida turganliklarini, atrofmuhitga yetkazilayotgan zarar qanday ko’rgiliklarga olib kelganligini yaqqol his
etdilar. Tabiatga qo’pol va takabburlarcha munosabatda bo’lish odamlarning
qirilib, genofondning yo’q bo’lib ketishiga muqarrar ravishda olib kelishini
tushunib yetgan kishilar, olimlar, shoir va yozuvchilar, mutaxassislar, deputatlar
bong ura boshladilar. Dunyoning hamma mamlakatlarida, boshqa mintaqalarda
sodir bo’lganidek Markaziy Osiyoda, O’zbekistonda ham ekologik muammolar
dolzarb bo’lib qoldi.[6] O’zbekistonda eng xavfli ekologik muammolar toza havo,
ichimlik suv, tuproq tarkibining buzilishi va Orol dengizi muammolari hisoblanadi,
O’zbekiston Respublikasi Davlat sanitariya epidimologiya nazorati bergan
ma’lumotga ko’ra hozirda Respublikamiz sanoati va qishloq xo’jaligi tarmoqlarida
3 milliondan ortiq kishi band bo’lib, shuning qariyb 1 millionga yaqini zararli
sharoitlarda(chang, shovqin, titrash, ultra- va infratovushlar ta’sirida) mehnat
qilmoqda. Zararli mehnat sharoitlari hisobiga kasb-patologiya kasalliklar
ko’payishi kuzatilmoqda. Jumladan Respublikada so’nggi besh yil davomida bu
kasallik (har 10000 ishchiga nisbatan) 1,2 dan to 1,76 gacha ko’paygan, Navoiy
tog’-metallurgiya kombinatida bu ko’rsatgich 1,62 dan to 3,2 gacha oshgan.
Markaziy Osiyodagi mintaqaviy ekologik muammolardan eng muhimi Orol va
Orol bo'yi ekologik muammosidir. Orol dengizi yaqin vaqtlargacha eng yirik
dengizlardan biri hisoblangan. U muhim baliqchilik, ovchilik, transport va
rekreatsion ahamiatga ega edi. Sug'oriladigan dehqonchilikning rivojlanishi
natijasida Amudaryo va Sirdaryoning suv quyishi 1970 yilga kelib 37,8 km kub,
1980 yilda esa 11,1 km kub gacha kamayib ketdi. Suvning sho'rlanish darajasi
litriga 9-10 g dan 34-37 g/litr gacha ortdi. Hozirgi kunda dengiz satxining yillik
o'rtacha pasayishi 80-110 sm (oldin 53 sm bo’lgan 33 metr ga tushsa orol 2 ga
bo'linib qoladi, hech bo'lmaganda 33,5 metr balandlikda saqlab qolish kerak).
Orolning qurigan tubi yirik chang to'zon makoniga aylandi. Aholi ichadigan suv
pestitsidlar bilan ifloslangan, keyingi 10 yil ichida o'lim 2 marta ortgan. Bolalar
o'limi har tug'ilayotgan 1000ta chaqaloqdan 45-90 taga to"g'ri keladi. Ayollarning
80%ida kamqonlik xastaligi uchraydi. Bolalarning 90%ida siydigida tuzlar miqdori
ortib ketgan. Orol muammosining hal qilinishining tub mohiyati suv resurslaridan
oqilona foydalanishni amalga oshirishga bog’liq. Orolni saqlab qolish uchun
Markaziy Osiyo Respulikalari bilan birgalikda qisqa vaqt ichida yiliga 20-21 kub
km suv Orolga quyiladigan miqdorda yagona suv xo'jalik siyosatini ishlab chiqish
bunda Orolbo'yidagi barcha tabiiy ko'llarni saqlab qolish e'tiborga olinishi lozim.
Ishlab chiqaruvchi kuchlarning rivojlanishi respublikada ijtimoiy ekologik holatiga
muayyan darajada salbiy ta'sir ko’rsatadi Yurtimizda boshqa sohalar qatori
ekologik barqarorlikni ta’minlash, aholining qulay tabiiy muhitga ega bo‘lishi
uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, tabiiy resurslardan oqilona va samarali
foydalanish, yuzaga kelayotgan ekologik muammolarning oldini olishva ularning
salbiy oqibatlarini bartaraf etish masalalariga ham jiddiy e’tibor qaratib
kelinmoqda.[7]
Prezidentimizning 2017 yil 12 iyuldagi Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar va
O‘zbekiston ekologik harakati vakillari bilan uchrashuvdagi ma’ruzasida
hokimiyat vakillik organlari hamda siyosiy partiyalar va Ekologik harakatning
o‘tgan davrdagi faoliyati tanqidiy ruhda tahlil etilib, islohotlarni chuqurlashtirish
yuzasidan oldimizda turgan muhim vazifalar belgilab berildi. Xususan, Ekologik
harakat hamda uning Qonunchilik palatasidagi deputatlik guruhining istiqboldagi
vazifalari aniq ko‘rsatib o‘tildi.
Avvalo, sohaga oid yangi qonun loyihalari yaratish, mavjudlarini takomillashtirish,
nazorat-tahlil faoliyatini bugungi talab darajasida kuchaytirish, uzluksiz ekologik
ta’lim konsepsiyasini ishlab chiqish, ekologik nazoratning jamoatchi inspektorlari
tizimini rivojlantirish, aholi ekologik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan tizimli
ishlarni amalga oshirish, atrof-muhitga zararli ta’sir ko‘rsatuvchi obyektlarni va
suv tozalash inshootlarini inventarizatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar
dasturi qabul qilinib, hayotga izchil tatbiq etilmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston
Respublikasining “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonuni aholining
iste’mol, maishiy va boshqa ehtiyojlari uchun suv obyektlaridan foydalanish
qismining ijro etilishi yuzasidan Sog‘liqni saqlash hamda Uy-joy kommmunal
xizmat ko‘rsatish vazirliklari, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish,
Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitalari axboroti yuzasidan parlament
eshituvlari bo‘lib o‘tdi. Ayni chog‘da “Xavfli chiqindilarni transchegaraviy tashish
va ularni yo‘q qilish ustidan nazorat qilish to‘g‘risida”gi Bazel konvensiyasi
bajarilishi holati o‘rganilib, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari
qo‘mitasi eshituvi tashkil etildi.
Xulosa
Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish, hudud aholisi salomatligini muhofaza qilish,
ularning turmush darajasini yanada yaxshilash, hududning ijtimoiy-iqtisodiy,
ekologik barqarorligini ta’minlashga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni amalga
oshirishda ham harakat va uning deputatlar guruhi faollik ko‘rsatmoqda. Birgina
misol: joriy yil 7-8 iyun kunlari “Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha
hamkorlikdagi harakatlar: yangicha yondashuvlar, innovatsion yechimlar va
investitsiyalar” mavzuida xalqarokonferensiya o‘tkazildi va Toshkent
rezolyutsiyasi qabul qilindi, Orolbo‘yi mintaqasining ekologik hamda ijtimoiyiqtisodiy vaziyatini yaxshilashga yo‘naltirilgan loyihalar to‘plami ma’qullandi.
Muxtasar qilib aytganda, ona tabiatga odilona munosabatda bo`lish, flora va fauna
olamini asrab-avaylash, kelajak avlodga tabiat boyliklarini bus-butun yetkazish
hamda ekologik muammolarni bartaraf etishga hissa qo`shish har birimizning
oldimizda turgan muhim vazifa hisoblanadi.
Foydalanilgan manbalar va adabiyotlar ro’yxati
1. Yu.Sh.Shodimetov Sog’lom turmush tarzi: ijtimoiy-gigiyenik va ekologik
muammolar. - T.: Ibn Sino, 1991 b.31
2. B.Ziyomuhammedov Ekologiya va ma’naviyat. - T.: Mehnat, 1997 b. 43
3. Sh.T.Otaboyev Inson va biosfera. - T.: O’qituvchi, 1995 b 135
4. A.S.To’xtayev Ekologiya asoslari va tabiatni muhofaza qilish. - Toshkent:
O’qituvchi, 1994 b 27-28
5. Alimov T L Rafikov AA Ekologiya xatolik saboqlari T 1991 b 61
6. Shodimetov Yu Ijtimoiy ekologiyaga kirish T 1991 b 120-121
7. Ergashev A. Ergashev T. Ekologiya, biosfеra va tabiatni muxofaza qilish.
Toshkеnt “yangi asr avlodi” 2005 y. b 58
Download